TOShKENT, 16-may — Sputnik. Bugun O‘zbekistonda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan fuqarolarni bank kreditlari bilan samarali ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilyapti.
Afsuski, o‘zining noqonuniy xatti-harakati bilan tadbirkorlik faoliyati rivojiga to‘siq bo‘layotgan, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘yayotgan rahbar xodimlar ham uchrab turibdi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Nihoyat, tadbirkor 27-aprel kuni yana I. Begmatovning huzuriga keladi. Nafs quliga aylangan bank rahbari bu safar unga kredit ajratish uchun bankning viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslarini "rozi qilishi" lozimligini aytadi. Buning uchun 300 AQSh dollari berishni talab qiladi.
"Buni qarangki, vijdoni jig‘ildonga aylangan I. Begmatovning bu jinoiy xatti-harakati birinchisi emas ekan. Aniqrog‘i, unga nisbatan oylik maoshidan qisman olib qolish sharti bilan joriy yilning fevral oyidan boshlab ikki yilgacha rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmasligi to‘g‘risida sud hukmi chiqarilgan. Ammo viloyat aksiyadorlik tijorat banki «Agrobank»ning mansabdor shaxslari I. Begmatovni rahbarlik lavozimidan ozod etmasdan, u bankning Kattaqo‘rg‘on shahar filiali boshlig‘i lavozimida o‘z faoliyatini davom ettirishiga imkon yaratib berishgan", — deyiladi xabarda.
"O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas" deganlaridek, I. Begmatov yana takroran jinoyatga qo‘l urdi. Joriy yilning 27-aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida esa 300 AQSh dollari miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Hozirgi paytda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilyapti.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.