TOShKENT, 12-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning XXR raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Ikki davlat yetakchilarining uchrashuvi Butunxitoy xalq vakillari kengashi binosida tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin O‘zbekiston rahbarini Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, o‘tgan yillar davomidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganligini e’tirof etdi.
"Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25-yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin bo‘ladi. 2016-yilda Buxoroda bo‘lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun minnatdorman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi" — dedi Si Szinpin.
XXR Raisi Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini, bu bosqich yuqori texnologiyalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlik boshlangani bilan izohlanishini ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbari taklif uchun minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.
"O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga hurmat ko‘rsatib, 2016-yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O‘zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo‘lgan va o‘z maqsadlari yo‘lida dadil borayotgan mamlakat sifatida biladi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan.
2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoy bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab oshib borayotir.
Ilgariroq O‘zbekiston TIV vakili Xitoyga tashrif chog‘ida umumiy qiymati 20 milliard dollarlik 100ga yaqin shartnoma imzolanishini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston yetakchisining tashrifi 13-mayga qadar davom etadi, so‘ngra Shavkat Mirziyov 14-15 may kunlari XXRda bo‘lib o‘tadigan "Bir kamar — bir yo‘l" forumida ishtirok etadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.