Usmonxon Alimov Buxoroda "Oliy madrasa" tashkil etilishi haqida xabar qildi

© David HoltMir Arab madrasasi
Mir Arab madrasasi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov "Hilol-nashr" matbaa-nashriyotiga qilgan tashrifi davomida qorilarni yetishtiradigan dargohlarga ehtiyoj borligini aytib, "bu borada ham yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor", deya ta’kidlagan

TOShKENT, 10-may — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov ilk bor "Hilol-nashr" matbaa-nashriyotiga tashrif buyurdilar, deb xabar berildi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rasmiy saytida.

Xabarda aytilishicha, nashriyotda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining sevimli shogirdi, "Islom ota" jome’ masjidining imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning "Xatmi Qur’onga marhabo!" kitobi hamda "Qur’on tartili" saboqlari taqdimoti bo‘lib o‘tgan.

Makka shahridagi ziyoratchilar - Sputnik O‘zbekiston
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haj safariga imtiyozli ravishda borishadi
Tadbirda chiqishi davomida Usmonxon Alimov Buxorodagi "Mir Arab" madrasasi "Oliy madrasaga aylantirishi loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida aytib o‘tgan.

"Hozirda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining "Tahfizul-Qur’on" bo‘limida qorilar yetishib chiqmoqda va yurtimizdagi masjidlarda tashkil qilinayotgan xatmi Qur’onlarda faol ishtirok etmoqdalar. Bunday qorilarni yetishtiradigan dargohlarga yana ehtiyojimiz bor, inshoolloh, bu borada ham yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida Buxorodagi "Mir Arab" madrasasini "Oliy madrasa" qilish loyihasi ishlanyapti. Unda ham Ma’haddagi kabi "Tahfizul Qur’on" kafedrasi bo‘lishi rejalashtirilyapti. Bu ham yana bir Qur’on dargohi bo‘ladi. Alloh nasib qilsa, yana ko‘plab xayrli ishlar amalga oshadi", — deb aytgan muftiy.

Taqdimot yakunida ishtirokchilarga yana bir quvonchli xabar yetkazilgan.

Ta’kidlanishicha, Haramayn maktabasi bilan kelishuvga muvofiq, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining barcha asarlari Madinai Munavvarada, Makkai Mukarrama kutubxonalariga qo‘yiladigan bo‘lgan.

Ya’ni bundan buyon dunyoning turli chekkalaridan haj va umra safari niyatida ikki haramga borgan o‘zbekistonlik hojilar ustoz kitoblarini o‘z ona tillarida o‘qib, ulardagi ilm-ma’rifatdan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

"Kuni kecha kitob karvonining birinchi qismi "O‘zbekiston pochtasi" orqali Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi", — deyilgan xabarda.

Yangiliklar lentasi
0