TOShKENT, 28 apr — Sputnik. 2017-yilda Jizzax viloyatida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha 866 uy-joy quriladi, "Uchtepa" massivida 16 xonadonli 6 ta arzon uy-joylar qurilishi olib borilmoqda. Mazkur uylar 1-sentabrgacha foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumani "Yangiobod" mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati, profilaktika inspektori yashash joyi bilan tanishib, "Uchtepa" massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Prezidentning "2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgan har biri 16 xonadonli 2 ta ikki qavatli va 10 xonadonga mo‘ljallangan 2, 3 xonali, 2 sotix tomorqa va yordamchi inshootlarga ega bitta bir qavatli uyda 42 ta oilaning zamonaviy sharoitlarda yashashi uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Yangi uylar "Yangiobod" mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi tavsiyasi bilan birinchi navbatda turar joyga ehtiyojmand yosh oilalarga berildi.
Viloyatga tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev Paxtakor tumanida ham bo‘lib, yengil sanoat, charm-poyabzal, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
"O‘zbekoziqovqatxolding" xolding kompaniyasi tomonidan "Jizzaxulgurjisavdo" mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida agrologistika markazi tashkil etilmoqda. "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan ushbu korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, quritish, qadoqlash, saqlash, issiqxona tashkil etish hamda eksportga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.
Agrologistika markaziga qishloq xo‘jalik maxsulotlarini qayta ishlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskunalarni Italiyadan keltirish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan 2 ming tonnalik sovutgich, shuncha sig‘imga ega dukkakli mahsulotlarni saqlash omborxonasi, 3 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari, 4 gektarda issiqxona tashkil etiladi.
Jizzax shahridagi "Bonu shirinliklari" korxonasi tomonidan qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim qilindi. 140 ishchi mehnat qilayotgan ushbu korxonada faoliyatni kengaytirish maqsadida eksportga yo‘naltiriladigan qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish liniyalarini o‘rnatish mo‘ljallanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lib, shundan 9,8 milliard so‘mi Xalq banki krediti hisobidan amalga oshiriladi. Qo‘shimcha 150 ish o‘rni yaratiladi.
Shavkat Mirziyoyev «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida ham bo‘ldi. Bu yerda istiqbolda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan yangi mahsulotlar haqida ma’lumot berildi. Bezakli, float va ultrayupqa oynalar ishlab chiqarish loyihasi shulardan biri. Yangi taqdim qilinayotgan loyihada telefon va planshetlar uchun oynalar ishlab chiqariladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.