TOShKENT, 17 apr — Sputnik. O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xodimlari 16 kishidan iborat ekstremistlar guruhi faoliyatiga chek qo‘ydilar. Ularning barchasi Krasnodarda ishlab yurgan chog‘larida ekstremistik guruh a’zolariga aylanishgan. Bu haqda Sputnik muxbiriga kuch tizimi vakili xabar qildi.
Ekstremistik guruh a’zolari tunlari yig‘ilishib internet orqali IShID terrorchilik tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq videolavhalarni tomosha qilishgan. Ular jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida Suriyaga borishni mo‘ljallashadi. Guruh a’zolari shuningdek, IShID tomonida jang qilayotgan to‘dalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida "umumiy jamg‘arma"ga har biri har oyda 2-3 ming rubldan pul tashlab turishadi.
Ular muntazam yig‘ilishlari chog‘ida O‘zbekiston konstitutsion tuzumini ag‘darishga da’vat qiluvchi yozuvlarni tinglashadi, "islom davlati" terrorchilarining murojaatlari yozilgan lavhalarni tomosha qilishadi.
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi va guruhning yetti nafar a’zosi mamlakatga qaytib kelganlarida hibsga olindi. Ekstremistik guruh a’zolari bilan bog‘liq jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Gurlan tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Olimjon Hasanov, Maqsad Mataqubov, Murot Ashirov, Sherzod Yazilov va Jo‘rabek Qurbonovlar Turkiya orqali Suriyaga o‘tib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. Ularga sirtdan ayblov e’lon qilindi va ularga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.
Jasur Mataqubov shuningdek, Jinoyat kodeksining 244-2 moddasi bilan aybdor deb topildi va uch yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Odilbek Matkarim va Hamro Asqarov bilan Xorazm viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli profilaktika suhbatlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.