TOShKENT, 31 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining Andijon viloyatidagi sayyor qabulida aholi murojaatlari ko‘rib chiqilib, qator muammolar o‘z yechimini topdi. Bu haqda Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, sayyor qabulda ishtirok etgan O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganov, Bosh prokuror o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Alisher Mirzayev va boshqa mutasaddilar prezidentning virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlarning ijobiy hal etilishi masalasiga atroflicha yondashdilar.
Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan qabulda Xonobod shahri, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod tumanlari fuqarolarining arizalari ko‘rib chiqildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, murojaatlarning aksariyat qismini uy-joy masalasi, bolalarni nafaqa puli bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etishdagi muammolar qamrab olgan.
Murojaatlar tuman va shahar hokimlari, mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida o‘rganib chiqildi va aksariyati o‘z o‘rnida yechimini topdi.
Andijon shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan qabulda esa Andijon shahri, Oltinko‘l, Izboskan va Paxtaobod tumanlari fuqarolari ishtirok etdilar. Ularning murojaatlaridan xulosa qilgan holda aytish mumkinki, joylarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash, aholini to‘ldirilgan ballonli gaz bilan ta’minlash borasida muammo va kamchiliklar mavjud.
Sayyor qabulning ikkinchi kuni Bo‘z va Asaka tumanlarida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Unda Asaka, Andijon, Baliqchi, Bo‘z, Oltinko‘l, Marhamat, Shahrixon, Ulug‘nor tumanlari fuqarolarining prezident virtual qabulxonasiga yo‘llangan murojaatlari o‘rganildi.
Sog‘liqni saqlash, uy-joy, bolalar nafaqasi ta’minoti, fuqarolik, bandlik masalalari o‘rganib chiqildi va qator masalalar shu joyning o‘zida yechimini topdi.
Baliqchilik Shahlo Asqarovaning aytishicha, u bankdan 18 million so‘m kredit mablag‘i olib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan. Biroq Sarvar Yo‘ldoshev degan shaxs bu mablag‘larni o‘zlashtirmoqchi bo‘lib, uni sarson qilgan. Ayolning murojaatidan so‘ng tuman hokimligi, huquq-tartibot organlari xodimlarining aralashuvi bilan adolat qaror topdi.
Buloqboshilik fuqaro Muzaffar Sotvoldiyev mashinasini ustaxonaga ta’mirlatish uchun olib borganini, ustalar bu avtoulovni hech qanday guvohnomasiz haydab jinoyat sodir etishgani va transport vositasi jinoyat quroli sifatida musodara etilgani to‘g‘risida so‘zladi. Tuman huquq-tartibot organlari masalani jiddiy o‘rganishga kirishdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish bo‘yicha qilingan murojaatlar yuzasidan ham amaliy harakatlar bormoqda.