TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Saydulla ota tadbirkor bo‘lmoqchi, bu yo‘ldagi harakat tovuq boqishdan boshlandi deb xabar qilgan "Zarafshon" gazetasi.
Nashr xabariga ko‘ra, Ishtixon tumanida aholi parrandachilik sohasiga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni vaqtda aholi talabini o‘rganib chiqqan "Asakabank" viloyat filiali xodimlari parrandachilik bo‘yicha mikrokreditni rasmiylashtirgan ishsiz fuqarolarga tovuq tarqatmoqda.
"Bankimiz xodimlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda xonadonlarning shart-sharoiti o‘rganilmoqda, – degan AT "Asakabank" viloyat filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Husniddin O‘rozov. – Suhbatlar jarayonida aholi tomonidan biz taklif qilayotgan mikrokreditlarga qiziqish bildirilmoqda. Bugun parrandachilik bo‘yicha mikrokredit olish istagida hujjatlarni rasmiylashtirgan xonadonlarga tovuq tarqatmoqdamiz. Albatta, bu imtiyozli mikrokredit aholi uchun juda ham qulay. Sababi, yillik 9 foiz miqdorida ikki yil muddatga berilayotgan mikrokreditning 6 oygacha faqat foizi to‘lanadi, yettinchi oydan asosiy qarz ham qo‘shiladi".
Ayni vaqtda tadbirkorlik istagida banklarga kredit so‘rab murojaat qilayotganlar orasida yoshlar ham talaygina, deb yozadi nashr.
"Kasb-hunar kollejini tugatganman, ammo hozir biror bir ish bilan band emasman, – degan Xonaqa mahallasida yashovchi Jasur Ismatov. – Bank xodimlarining tushuntirishlaridan keyin parrandachilik bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Hozir yuzta tovuq oldim. Kelgusida tadbirkorlik faoliyatimni yanada kengaytirish niyatidaman".