Senator hokimlarni saylash haqida: biz velosiped ixtiro qilmoqchi emasmiz

© Sputnik / StringerSvetlana Ortiqova
Svetlana Ortiqova - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yil oxiriga qadar mamlakatda viloyat, tuman va shahar hokimlari saylovlari haqidagi qonun loyihasi Konsepsiyasi ishlab chiqiladi

TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Sputnik muxbiri bilan suhbatda prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimlarni saylash haqidagi tashabbusi qanday amalga oshirilishi haqida so‘zlab berdi.

Qayd etish joiz, Konstitutsiya qabul qilinganligining 24-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi chiqishida davlat rahbari hokimlarni saylash taklifi bilan chiqqan edi. Natijada ushbu taklif respublikani rivojlantirish strategiyasi loyihasiga kiritildi va ayni paytda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan media haftalik doirasida qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Mazkur hujjatga ko‘ra, yil oxiriga qadar mamlakatda viloyat, tuman va shahar hokimlari saylovlari haqidagi qonun loyihasi Konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Senator Svetlana Ortiqovaning aytishicha, bu butun mamlakat va jamiyatning kelgusi hayoti uchun muhim ahamiyatga ega tashabbus hisoblanadi.

"Xalqaro tajriba, xususan, Fransiya tajribasini o‘rganar ekanmiz, xalq shahar meri saylovlarida qanday ishtirok etishini ko‘rishimiz mumkin va shunga muvofiq, merlarning ularni saylagan xalq oldidagi javobgarligi oshadi. Hozirda Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis senatorlarining saylovchi-xalq oldidagi mas’uliyati shu tarzda oshirilmoqda", — dedi O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi vakili.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev hokimlarni saylov yo‘li bilan tayinlashni taklif qildi

U shuningdek, prezident tantanali qasamod vaqtidagi nutqida o‘zini xalq prezident etib saylaganini ta’kidlagani va mazkur ishonchni oqlashga va’da berganini eslatib o‘tdi. Ortiqovaning aytishicha, tuman, shahar va viloyatlar hokimlarini saylash jarayoni global miqyosdagi yangilik emas.

"Velosiped allaqachon yaratilgan, uni qaytadan ixtiro qilishning hojati yo‘q, xalqaro tajriba mavjud, xalq bu jarayonlarda qanday ishtirok etishi borasida qarashlarimiz yetarli. Menimcha, tegishli normativ-huquqiy hujjatda bu boradagi barcha jarayonlar qayd etiladi. Va albatta ushbu hujjat bevosita ta’sirga ega bo‘ladi, ya’ni unda bu saylovlar qanday tarzda o‘tkazilishi bo‘yicha har bir jarayon batafsil yoziladi. Shubhasiz, bu hokimlikka saylovlar bo‘lib o‘tgan hududdagi hayot sifatiga, xalqning turmush darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa jamiyat va mamlakat turmush darajasini ham belgilab beradi", — ta’kidladi senator.

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahri ma’muriyati rahbarlari (hokimlar) prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi yoki lavozimidan ozod etiladi. Viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Tuman, shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Yangiliklar lentasi
0