TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp juma kuni Oq uyga yetib keldi, u bu yerda ketayotgan prezident Barak Obama bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazadi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Uchrashuv rasmiy qarorgohning Moviyrang xonasida yopiq choyxo‘rlik shaklida o‘tkaziladi, deb yozgan nashr. Marosimda Mishel Obama va Melaniya Tramp ham ishtirok etishadi.
Choyxo‘rlikdan so‘ng Obama va Tramp birgalikda Kapitoliy tepaligidagi AQSh Kongressi binosida bo‘lib o‘tadigan qasamod tadbiriga yo‘l olishadi.
Obama va uning rafiqasi Mishel Tramp va Melaniyani Oq uy ostonasida qarshi olishgan. Obama kostum-shim va ko‘k bo‘yinbog‘da bo‘lgan. Tramp esa uchrashuvga qizil bo‘yinbog‘ taqib kelgan, Melaniya moviy rang palto va qo‘lqopda bo‘lgan.
Tramp Obama bilan qo‘l berib ko‘rishgan, so‘ngra Mishelni mahkam bag‘riga bosib, ikki yanog‘idan o‘pib qo‘ygan.
Siyosatchilarning rafiqalari ham bir-birlarini bag‘riga bosishgan va Melanya Mishelga sovg‘a solingan bejirim qutichani topshirgan.
So‘ngra juftliklar esdalik uchun suratga tushishgan va bino ichkarisiga yo‘l olishgan.