TOShKENT, 20 dek – Sputnik. Moskvadagi VDNX ko‘rgazma majmuasida bo‘lib o‘tgan XX xalqaro BIOT-2016 maxsus ko‘rgazmasida "O‘zbekcharmpoyabzali" charm-poyabzal korxonalari assotsiatsiyasi tarkibidagi 20ga yaqin kompaniya ishtirok etdi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi, shaxsiy himoya vositalarini yaratuvchi, tayyorlovchi va yetkazib beruvchilar assotsiatsiyasi, mehnatni muhofaza qilish mutaxassislarining Butunrossiya birlashmasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada dunyoning 20dan ortiq davlatidan 300dan ziyod kompaniya qatnashdi.
Rossiya shaxsiy himoya vositalarini yaratuvchi, tayyorlovchi va yetkazib beruvchilar assotsiatsiyasi prezidenti Yuriy Sorokinning aytishicha, assotsiatsiya "O‘zbekcharmpoyabzali" bilan hamkorlik haqida Memorandum imzoladi.
– O‘tgan davr mobaynida biz ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning mustahkam asosini yarata oldik. Ayrim korxonalarimiz charm-poyabzal sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. Fikrimcha, bugun tuzilgan kelishuv biz va o‘zbekistonlik hamkorlarimiz uchun manfaatli bo‘ladi, chunki bu mahsulotlarni tashqi bozorga eksport qilishni kengaytirish uchun olg‘a tashlangan yana bir qadam demakdir,- dedi Sorokin.