O‘zbekistonda kadrlar tizimi butunlay qayta shakllantiriladi

© Press-slujba prezidenta Respubliki UzbekistanShavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kirishish marosimi
Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kirishish marosimi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidentining fikricha, kadrlarning amaliy zaxirasini shakllantirish bugungi kun talabidir

TOShKENT, 15 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida amaldagi kadrlar tizimi faoliyatiga tanqidiy baho berdi va mazkur tizim qayta shakllantirilishini bildirdi.

"Hammamiz yaxshi tushunamizki, oldimizda turgan keng ko‘lamli vazifalarni bajarish uchun kadrlar bilan ishlashning butun tizimini takomillashtirishga doir bir qator ishlarni albatta amalga oshirimiz kerak.

Hozirgi vaqtda davlat va hokimiyat idoralarida ko‘p hollarda kadrlar salohiyatidan foydalanish, ularning vazifa va vakolatlari taqsimoti oqilona va samarali yo‘lga qo‘yilmagani sezilmoqda.

Eng yomoni, bu holat ishimizga xalaqit bermoqda. Bir idorani qarasangiz, yuzlab odam nomiga ishlab o‘tiribdi. Boshqa idorani qarasangiz, ish ko‘p, vazifa ko‘p, lekin ishlaydigan odam, kadr yetishmaydi.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev: Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi

Bunday noto‘g‘ri ish taqsimotiga mutlaqo chek qo‘yishning vaqti yetdi. Har bir davlat xizmatchisi o‘zining burchi va majburiyatini aniq-ravshan bilishi, sodda qilib aytganda, o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim", dedi u.

O‘zbekiston prezidentining fikricha, kadrlarning amaliy zaxirasini shakllantirish bugungi kun talabidir.

"Bu – zamon talabi. Oldimizga qo‘ygan maqsad-muddaolarga yetish uchun bu ishlarni o‘zimiz qilmasak, boshqa hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, kadrlarning amaliy zaxirasini shakllantirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning muhim masalalarini o‘z ichiga oladigan maqsadli dasturni ishlab chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Asosiy vazifa – bu yuqori kasb mahorati va zamonaviy tafakkurga ega, puxta o‘ylangan, har tomonlama to‘g‘ri qarorlar qabul qila oladigan, belgilangan maqsadlarga erishadigan rahbarlar va mansabdor shaxslarning yangi tarkibini shakllantirishdan iborat.

Bu borada hududiy boshqaruv organlari, eng avvalo, mamlakatimiz tuman va shaharlari hokimliklari uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Buning uchun oliy ta’lim muassasalari tizimi bilan birga, mamlakatimizdagi 6 ta akademiya, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi kabi tashkilotlarning ilmiy-amaliy salohiyati va imkoniyatlarini yanada faol safarbar etish darkor", dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘ziga yuklatilgan vazifani mutlaqo uddalamayotganini ta’kidlab o‘tdi va ushbu akademiyani ham, uning ish uslubini ham tubdan o‘zgartirish va rahbar kadrlarini qayta ko‘rib chiqish lozimligini aytdi.

"Ayni vaqtda mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirish talab etilmoqda.

Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish borasidagi rolini hisobga olib, bugungi kunda mahalliy hokimliklarga qo‘shimcha vakolatlar berish borasida tegishli takliflar tayyorlanmoqda", dedi O‘zbekiston prezidenti.

Yangiliklar lentasi
0