TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili Urgut tumani saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda O‘zLiDep Samarqand viloyati kengashi matbuot-xizmati.
Xabarda ta’kidlanishicha, Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvlar ham saylovchilarning faolligida, ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.
Dasturdan o‘rin olgan davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiyot, ijtimoiy, yo‘l-transport, sud-huquq hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida saylovchilarga batafsil ma’lumot berdi.
Dasturda viloyatda hududiy avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, hududlarning ichki yo‘llari, jumladan, tumanlar, aholi maskanlari, xo‘jaliklarni bog‘laydigan yo‘llar, shuningdek, qishloqlar, mahallalar ichidan o‘tadigan yo‘llar tarmog‘ini kengaytirish, ularning holatini yaxshilashga doir loyihalar amalga oshirilishi belgilanganini ta’kidladi.
Ishonchli vakil saylovoldi Dasturda ilgari surilgan eng muhim maqsadlar haqida so‘z yuritarkan, viloyatda kelgusi besh yilda 428 kilometr avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya kilish va kapital ta’mirlash, 600 kilometr yo‘lni joriy ta’mirlash mo‘ljallanayotganini e’tirof etgan.
Tadbirga so‘zga chiqqanlar Samarqand viloyati o‘zining rivojlangan sanoati va qishloq xo‘jaligi, tabiiy boyliklari, ulkan sayyohlik salohiyati bilan mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutishini, oxirgi besh yilda viloyatda 100 dan ortiq yangi qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etilib, ayni paytda ularning soni 259 taga yetganini faxr bilan tilga olganlar.
Tadbir so‘nggida nomzodning ishonchli vakili saylovchilarni bo‘lajak saylovda faol ishtirok etib, barchani O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.