O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi

Oliy Majlis binosi
Oliy Majlis binosi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg’armalari budjetlarining 2016-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi ko‘rib chiqildi

TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid dolzarb masalalarni muhokama etdilar, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.

Xabarda aytilishicha, oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi ko‘rib chiqilgan.

"Muhokamalar jarayonida fraksiyalar hamda deputatlar guruhi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan hisobot yuzasidan o‘z nuqtayi nazarlarini kelishib oldilar", — deyilgan xabarda.

Deputatlar shu yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,8 %, sanoat ishlab chiqarish hajmi 7,2 %, qurilish ishlari hajmi 15 % hamda xizmatlar ko‘rsatish hajmining 12,4 % o‘sishiga erishilgani, shuningdek, davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 % profitsit bilan ijro etilganini qayt etganlar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan kichik biznesning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish muhimligi ta’kidlangan.

Oqsaroy - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi
Fraksiya a’zolari Hukumat tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida ahamiyat qaratib, hisobot davrida yana 835 ta korxona, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlari eksport faoliyatiga jalb etilganini va qo‘shimcha 246 turdagi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etganlar.

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar tomonidan 50 dan ortiq yangi sanoat mahsulotlari tayyorlash o‘zlashtirilgani, dastur doirasida jami 4,1 trln. so‘mlik tovarlar ishlab chiqarilib, import o‘rnini bosish samaradorligi 1,3 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilganini alohida ta’kidlab, hisobot yalpi yig‘ilish muhokamasiga kiritilishini ma’qullashgan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari o‘z dasturiy maqsadlari hamda Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hisobot davrida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat izchilligi ta’minlanganligini, bu, o‘z navbatida, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qilayotganligini alohida qayd etishdi.

Xalq-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov - Sputnik O‘zbekiston
Hotamjon Ketmonov - yoshlar uchun jon kuydiruvchi siyosatchi

Jumladan, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga asosan, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish, sog’lom va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash tizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha respublikamizda budjet va boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bevosita partiya elektorati manfaatlariga mos kelishi ta’kidlab o‘tilgan.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Davlat budjetining shu yil 9 oyidagi ijrosini dastlabki tarzda muhokama qilish chog‘ida asosiy e’tiborni ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan Davlat budjeti mablag’larining maqsadli sarflanishiga qaratdilar. Unda ta’lim muassasalarini saqlash hamda ularni rivojlantirishga ajratilgan mablag’lar sarflanishi holatini muhokama qilish asnosida barcha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy axborot texnologiyalari, elektron o‘quv-ta’lim dasturlari va multimedia mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tahlil qilindi.

O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar joriy yil 9 oyi davomida Davlat budjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish uchun, xususan, atmosfera havosi hamda suv va yer resurslari, o‘simlik hamda hayvonot dunyosi muhofazasi, oqova suv tozalash inshootlarini qurish hamda qayta ta’mirlash, o‘rmonchilik va ko‘kalamzorlashtirish, bioxilmaxillikni hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash va yangilarini barpo etish hamda ekologik yo‘nalishdagi boshqa tadbirlarga ajratilgan mablag‘lar ko‘lamini atroflicha muhokama qilishgan.

Narimon Umarov - Sputnik O‘zbekiston
Narimon Umarov: Rossiya O‘zbekistonning muhim savdo ittifoqchisi bo‘lib qoladi
Yig‘ilishlarda, shuningdek, Qonunchilik palatasi muhokamasiga ikkinchi o‘qishga kiritilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi hamda “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ham muhokama etilgan.

Tadbir yakunida siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan nuqtayi nazari shakllantirilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish haqidagi qarorlari qabul qilingan.

Yangiliklar lentasi
0