TOShKENT, 24 noya – Sputnik. O‘zbekiston avtosanoati xorijning yetti davlati – AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Braziliya, Indoneziya va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilariga butlovchi qismlar yetkazib bermoqda. Mazkur ma’lumot X Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjasi o‘tkazilishi davomida berildi, deb xabar bermoqda nuz.uz.
Eng asosiy eksport qilinuvchi mahsulot GM Powertrain Uzbekistan korxonasida ishlab chiqarilayotgan dvigatellar va dvigatellar qismlaridir. Mazkur mahsulotlarning asosiy xaridorlari esa General Motors (AQSh), Charge Engineering Ltd (Buyuk Britaniya), GM Korea, GM Shanghai va GM Indonesia kompaniyalaridir.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobil butlovchi qismlaridan Rossiyaning ikki avto ishlab chiqaruvchisi – "GAZ" va "UAZ" ham foydalanadi.
"GAZ" avtokorxonasiga “UzXanvu” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan kapot termoshovqin izolyatsiyasi va shtamppayvand qismlari yetkazib beriladi.
"UAZ" esa "UzIrae Klimat Kontrol" qo‘shma korxonasining isitish radiatorlari va “UzKoji” qo‘shma korxonasining havo konditsioneri va ventilyatsiyasi, isitish tizimlari jgutlaridan foydalanadi.
Koreyaning KDAC kompaniyasi ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil jgutlarini xarid qiladi, Young Shin Chemical kompaniyasi esa "UzDongju" qo‘shma korxonasining rezina qismlaridan foydalanadi.
GM Brasilia kompaniyasi konveyerlariga "UzChasis" qo‘shma korxonasining yoritish tizimlari va "UzSangvu" korxonasining shtamppayvand qismlari yetkazib berilmoqda.
"O‘zavtosanoat" AKning ma’lum qilishicha, 1994 —2014 yillarda respublikada avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 50dan ortiq zavod tashkil etilgan.
Ayni paytda 35ta yirik va 160ta o‘rta korxonalar butlovchi qismlarni ishlab chiqarmoqda.
1994-2015 yillarda 2,6 mln dan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgan.
2015 yilda kompaniya korxonalaridagi ishchilar soni 27 000 nafarni tashkil etgan, mablag‘ aylanmasi esa 4 mlrd $dan oshgan.

