"Bu yil dillar vidolarda kuyib o‘tdi" - Usmon Azim Abdulla Oripov xotirasiga marsiya yozdi

Obuna bo‘lish
So‘nggi xabarlarga muvofiq, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov jasadini Toshkentga olib kelish harakatlari boshlab yuborilgan. Sputnik nashrigacha yetib kelgan xabarlarga ko‘ra, Abdulla Oripov tobuti AQShdan O‘zbekistonga Moskva orqali olib kelinadi

TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tobuti O‘zbekistonga qachon olib kelinishi noma’lumligicha qolmoqda. So‘nggi xabarlarga muvofiq, shoir jasadi solingan tobut vatanga Moskva orqali olib kelinishi mumkin.

O‘zbekiston Xalq Qahramoni Abdulla Oripov - Sputnik O‘zbekiston
Abdulla Oripov tobutini O‘zbekistonga olib kelish bilan konsul shug‘ullanyapti
Buyuk shoirning vafoti o‘zbek xalqini chuqur qayg‘uga soldi. Ko‘plab shoirlar, yozuvchilar Oripov bilan bog‘liq eng yorqin xotiralarini yodga olishmoqda.

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ham Abdulla Oripovga atab marsiya yozdi.

Bolalikdan men ham she’r deb yongan edim,
Ne qilarim bilmay ba’zan tolgan edim.
Oripovdan qarzga olov olgan edim –
Bu qarzimni bugun aytsam, halol bo‘lgay.
 
Har bir so‘zni ko‘ngil bilan tergan edi,
A’moli ham, taqdiri ham she’rdan edi.
Iste’dodni unga xudo bergan edi,
Banda desak, haqiqatga malol bo‘lgay.
 
Tobelikning qo‘rqinchlari hali bisyor.
Dillarida, tillarida ming iftixor:
"O‘zbekiston Vatanim" deb aytgan ilk bor –
Bu mard zotning mardligidan til lol bo‘lgay.
 
Garchi ajal iltijoga ko‘nmas edi,
Bilamiz-ku asil shoir o‘lmas edi.
O‘limga ham Vatan sizni bermas edi.
Ajalni yot yurtda yengmoq mahol bo‘lgay.
 
Ko‘z yoshlarim oqayotir nolam uzra,
Shoir – parvoz so‘zda kechgan har dam uzra,
Vohkim, uchdi tobuti ham olam uzra –
Bu parvozlar mangulikdan bir fol bo‘lgay.
 
Og‘ajonim, so‘zda g‘amni shoshirgayman,
Hasratimni qa’tlariga yashirgayman.
Sizni yolg‘iz xudovandga topshirgayman,
Endi o‘zga so‘z demaklik zavol bo‘lgay.
 
Bu yil dillar vidolarda kuyib o‘tdi,
Vaqt yig‘idan o‘pka-bag‘ri to‘yib o‘tdi.
Ne zotlarni qaro yerga qo‘yib o‘tdi,
Kimga javob, kimga bu hol savol bo‘lgay.
 
Vido aytdim, vido aytdim, vido aytdim –
Bu she’rimni aqlu hushdan judo aytdim,
Zarra qo‘rqmay, margu hayot aro aytdim –
Voh, vidoning qadlari ham ming dol bo‘lgay.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Abdulla Oripov jasadi solingan temir tobut dushanba kuni O‘zbekistonga yetib kelishi xabar qilingan edi.

Yangiliklar lentasi
0