TOShKENT, 5 noya – Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo davlatlariga Afg‘onistondan terrorchilar kirib kelishlaridan xavfsiramaslik kerak,chunki mintaqadagi davlatlar tegishli choralarni ko‘rishmoqda deb hisoblaydi. Uning fikricha, Suriya va Iroqda terrorchilarga qarshi kurashning kuchayishi ularni Afg‘onistonga o‘tishga majbur qiladi.
"Lekin bugungi kunda oshkora tahdid mavjud emas. Afg‘oniston bilan eng katta chegara Turkmanistonda, so‘ngra O‘zbekiston va Tojikiston chegaradosh. Mening bilishimcha, bu davlatlarda osoyishtalik hukm surmoqda, ular kerakli choralarni ko‘rishmoqda. Mazkur mintaqaga katta xavf yo‘q", — dedi Nazarboyev "Xabar" telekanali orqali namoyish etilgan yapon OAVlariga bergan intervyusida.
"Islom Karimov O‘zbekistonga yetakchilik qilgan yillari davomida kuchli tartib o‘rnatdi, o‘z davlatida barqarorlikni ta’minladi, biz u yerda hech qanday xavfli holat yuz bermayotganligini ko‘rib turibmiz. U yerda saylovlar bo‘lib o‘tadi, mavjud siyosatni davom ettiruvchi navbatdagi prezident saylanadi. Bu barqarorlik va o‘z davlatini himoya qilish siyosatidir", — dedi Nazarboyev.
Shu bilan birga u terror tahdidi "hamma uchun har doim saqlanib qolishi"ni, shuning uchun bunga tayyor turish lozimligini ta’kidladi. Nazarboyev u ilgari "ushbu ofatga qarshi kurashish uchun jahon davlatlari koalitsiyasini tuzishni taklif qilgan"ligini eslatib o‘tdi.
"Biror-bir davlat bundan himoyalangan, deb hisoblash noto‘g‘ri, bu istalgan joyda sodir bo‘lishi mumkin. Bu dushman ko‘rinib turadigan front emas. Bir kishi terakt sodir etishi mumkin, bu odamlarga xotirjam yashash imkonini bermaydigan mafkura. Shuning uchun 21-asrning bu ofati ustidan g‘alaba qozonish uchun hammamiz, ayniqsa yirik davlatlar birlashishi lozim", — deb hisoblaydi Qozog‘iston prezidenti.