TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti(ShHT) sammitiga tayyorgarlik ishlari tufayli, 16-iyundan boshlab, Toshkent shahriga avtobus va mikroavtobuslar qatnovi to‘xtatiladi. Toshkent shahridan ham viloyatlarga yo‘lovchilar qatnovi vaqtincha amalga oshirilmaydi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti axborot agentligi O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaga tayangan holda.
"16 iyundan boshlab viloyatlardan poytaxtga yo‘lovchilarni tashishni amalga oshiruvchi avtobus va mikroavtobuslarga Toshkentga kirish ta’qiqlangan. Shu bilan bir qatorda Toshkent shahridan ham viloyatlarga yo‘lovchilar qatnovi amalga oshirilmaydi", — deya aniqlik kiritgan nashrga suhbatdosh.
Bundan sal oldin mahalliy nashrlarda ShHT sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan 16-iyun sanasidan barcha turdagi avtomobil va temir yo‘l trasportlari uchun Toshkent shahriga qatnovni amalga oshirish ta’qiqlangani haqida xabar tarqatilgan edi.
Respublika IIVdagi manbaga ko‘ra, shaharga kirish barcha turdagi avtomobil va temiryo‘l transporti uchun yopiladi. Bunday choralar, ayrim aviatashuvchilar uchun ham qo‘llaniladi. Toshkentga kirishga joriy qilingan vaqtinchalik taqiqlash davlat rahbarlarining O‘zbekistondan ketishi bilan bekor qilinadi.
Shahar ichidagi barcha jamoat transportlari esa jadvalda belgilangan tartibda harakatini davom ettiradi.