TOShKENT, 14 mar — Sputnik. “2016-yil 14-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi 2016-yil 13-mart kuni Anqara shahrida yuz bergan terakt oqibatida jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotga ega emas”, — deb yozilgan O‘zbekiston TIV rasmiy saytida berilgan xabarda.
Terakt avtobus bekatlarining birida, mamlakat Bosh vaziriga qarashli ofis yaqinida, odamlar eng gavjum vaqtda sodir etilgan. Minalashtirilgan avtomobil odamlarga liq to‘la ikki avtobus o‘rtasida portlatilgan.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirga qadar 37 kishi hayotdan ko‘z yumgani, 125 kishi jarohat olgani, 71 kishi kasalxonalarda yotgani haqida xabar qildi.
Ushbu terakt oxirgi oylarda Turkiya poytaxtiga qilingan beshinchi tajovuzdir. Sodir etilgan portlashlar oqibatida umumiy hisobda, 200ga yaqin kishi halok bo‘lgan, yuzlab insonlar jarohat olgan.