Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ShHT Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak majlis ShHT yetakchilarining 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan so‘ng o‘tgan oxirgi uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.
Sammit ishida ShHTga a’zo mamlakatlar – Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus, Mo‘g‘uliston va Eron yetakchilari ishtirok etadi.
Faxriy mehmon sifatida Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Armaniston , shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.
Samarqand sammitining kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari, ShHTni rivojlantirishning amaliy jihatlari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
O‘zbekiston 2005-2006, 2009-2010 va 2015-2016 yillarda ham ShHTga raislik qilgan. Shu davrda O‘zbekiston 54 ta tashabbusni ilgari surib, ularning asosiysi amaliyotga joriy qilindi.
Bu yilgi O‘zbekiston raisligi davrida asosiy e’tibor tashkilot doirasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini ilgari surish, transport-kommunikatsiya o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish, raqamli transformatsiya va "yashil" iqtisodiyot, ShHTning xalqaro nufuzini mustahkamlash kabi eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga qaratildi.