Energiya tejash maqsadida iste’molchilarning elektr va gazini o‘chirish taqiqlanadi

2026 yildan energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi choralar joriy etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 30 apr — Sputnik. O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish yoki cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu “2026 yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 1-iyuldan vazirlik va idoralar, ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan va mukammal ta’mirlanadigan binolarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi.
Shuningdek, 2026-yildan har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida energiya samaradorligini yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi.
Energiya samaradorligi milliy agentligiga maxsus jamg‘arma orqali energiya servis kompaniyalari tomonidan davlat buyurtmalari asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi beriladi.
2026 yil 1-oktabrga qadar obyektlar kesimida "Big Data", "Business Intelligence" va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida energiya iste’moli hamda samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Namunali tumanlarga investitsiyalar, “yashil” binolar va yangi imkoniyatlar yaratiladi