TOShKENT, 30 apr — Sputnik. O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha yangi qoidalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Qoidalarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarda balkonlar va lodjiyalarning tashqi qismiga kir, kiyim-kechak, gilam va boshqa buyumlarni osib qo‘yish taqiqlanadi. Balkonning ichki qismi bundan mustasno.
Shuningdek, balkon va lodjiyalarga yong‘in xavfini keltirib chiqaruvchi uskunalarni o‘rnatish, balkonlarda og‘ir buyumlarni saqlash mumkin emas.
Uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi joylarda, jumladan zinapoyalar, chordoqlar, yerto‘lalar, umumiy oshxonalar, balkonlar va lodjiyalarda saqlash ham taqiqlanadi.
Bundan tashqari, zinapoya maydonlari va zinapoya ostida yonuvchi materiallarni saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qoidalarda avtotransport vositalarini ko‘p kvartirali uylar atrofidagi gazonlar, xiyobonlar, bolalar maydonchalari, trotuarlar va kirish yo‘laklari qarshisiga qo‘yish ham taqiqlangan.
Shu bilan birga, boshqarish organlari uchun ham majburiyatlar belgilandi. Ular uylardagi yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, kuzatuv kameralari va domofonlarni soz holatda saqlashi kerak.
Kirish yo‘laklari, zinapoyalar va lift xonalari haftada bir marta tozalanadi. Lift uskunalari doimiy texnik monitoring qilib boriladi.
Agar yerto‘lada avariya sabab suv yoki oqova suv to‘plansa, boshqarish organi 24 soat ichida ularni chiqarib tashlashi lozim.