14 yoshli qiz va dugonasi bo‘yicha tarqalgan videodan so‘ng PPX xodimi xizmatdan chetlashtirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda PPX xodimining voyaga yetmagan qizlarga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlari haqidagi video tarqalganidan so‘ng IIV tekshiruv boshladi
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda PPX xodimining voyaga yetmagan qizlarga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari haqidagi video tarqalganidan so‘ng Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qilindi.
IIV Jamoat xavfsizligi xizmati Axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha vazirlikning Xavfsizlik bo‘linmasi prokuratura organlari bilan hamkorlikda zudlik bilan surishtiruv ishlarini boshlagan.
Ma’lum qilinishicha, hodisaning barcha ishtirokchilari va holatlari aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda PPX xodimi voyaga yetmagan qizlarni xizmat mavqeyidan foydalangan holda mashinaga o‘tqazgani va ularga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etgani iddao qilingan.
IIV nashrlarda tilga olingan xodim xizmat vazifalarini bajarishdan chetlashtirilganini bildirdi.
“Bayon etilgan faktlar o‘z tasdig‘ini topsa, uning harakatlariga jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan qat’iy huquqiy baho beriladi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Vazirlik ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etiladigan har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar, ayniqsa voyaga yetmaganlarga nisbatan bunday holatlar, mutlaqo qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirildi.
IIV fuqarolardan holat yuzasidan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘radi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni himoya qilish kuchaytiriladi — asosiy o‘zgarishlar