TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda zilzilalarni onlayn kuzatish stansiyalari soni yetti barobarga oshib, 35 tadan 250 taga yetdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
U bu haqda Xalqaro zilzila qurbonlarini yod etish kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida so‘zladi.
Ramatovning ta’kidlashicha, seysmologiyani rivojlantirish uchun zilzilalarni onlayn kuzatishning to‘liq tarmog‘ini yaratish talab etiladi.
"Global seysmik monitoring tizimi bilan integratsiyalashuv asosida SeisComP5 dasturi orqali Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston stansiyalari bilan real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yildi", — dedi u.
Bosh vazir o‘rinbosari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda seysmologiya, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash hamda seysmik xavfsizlik darajasini oshirish sohasida bir qator hujjatlar qabul qilinganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishda ikkita qonun, prezidentning ikkita farmoni va beshta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining o‘ndan ortiq meyoriy hujjatlari qabul qilingan.
So‘nggi ikki yilda ilk bor yuzdan ortiq obyektdagi texnik yoriqlarning raqamli xaritasi hamda 217 ta shahar va tumanning akselerogrammalar bazasi yaratildi.
Ramatov zamonaviy seysmologik ma’lumotlardan foydalangan holda binolarni loyihalash va ekspertizadan o‘tkazish uchun raqamli onlayn platforma ishga tushirilganini ham ta’kidladi.
Shuningdek, damba va suv omborlari monitoringi tizimi yo‘lga qo‘yildi. U 148 ta yangi stansiya va 29 ta yirik obyektning kosmik monitoringini o‘z ichiga oladi.
"Monitoring tizimi tabiiy tahdidlarni aniqlash va xavfni ilmiy asoslangan holda baholash hamda oldini olish choralarini amalga oshirishni ta’minlaydi", — dedi u.
Ramatovga ko‘ra, O‘zbekistonda seysmik xavfsizlik tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar raqamlashtirish, sun’iy intellektni joriy etish va standartlarni takomillashtirishni o‘z ichiga oladi.
Bosh vazir o‘rinbosari yirik qurilish loyihalari seysmologik xulosalarni hisobga olgan holda dastlabki bosqichlardayoq amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholini seysmik faollik sharoitida to‘g‘ri harakat qilishga tizimli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2023 yildan boshlab aholini zilzilalarda harakat qilishga o‘rgatish bo‘yicha muntazam o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar tizimi joriy etilgan. Hozirgacha aholining 48,1 foizi qamrab olindi.
Kelgusi yil oxirigacha aholini bunday tayyorgarlik bilan 100 foiz qamrab olish rejalashtirilgan.