TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Rossiya xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshiruvchi MDH davlatlari va Gruziyadan kelgan professional haydovchilar uchun mamlakatda bo‘lish muddatini 180 kungacha oshiradi.
Tegishli qarorni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin imzoladi. Hujjat 30-iyundan kuchga kiradi.
Yangi tartibga ko‘ra, MDH davlatlari fuqarolari, shuningdek Gruziya fuqarolari bo‘lgan professional haydovchilar Rossiyada bir kalendar yil davomida jami 180 sutkagacha bo‘lishi mumkin.
Bu qoida xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshiradigan va Rossiyaga viza talab etilmaydigan tartibda kirgan haydovchilarga taalluqli.
Hujjatda ushbu imkoniyat belgilangan tartibda Rossiyaga kirish va mamlakatda bo‘lish yoki yashash maqsadida ariza bergan haydovchilarga tatbiq etilishi qayd etilgan.
Amaldagi umumiy tartibga ko‘ra, Rossiyaga vizasiz kirgan xorijiy fuqarolar mamlakatda bir kalendar yil davomida jami 90 sutkagacha bo‘lishi mumkin. Yangi qaror esa aynan xalqaro tashuvlar bilan shug‘ullanuvchi professional haydovchilar uchun ushbu muddatni ikki baravar oshiradi.
Bu o‘zgarish Rossiya yo‘nalishida qatnaydigan xalqaro tashuvchilar, jumladan MDH davlatlaridan boruvchi haydovchilar uchun muhim yengillik bo‘lishi mumkin.