PPX xodimi va voyaga yetmagan qiz haqida tarqalgan xabarlar rad etildi

IIBB Ohangaronda PPX xodimiga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan norasmiy iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Ohangaron shahrida PPX xodimi bilan bog‘liq tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, internetdagi ayrim sahifalarda IIO xodimining voyaga yetmagan qizga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar qilgani haqida norasmiy xabarlar tarqalgan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, surishtiruvlar davomida tarqatilayotgan xabarda keltirilgan iddaolar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan.
Voqea 27-aprel kuni soat 00:40 da Ohangaron shahrida sodir bo‘lgani bildirilmoqda. Shu vaqtda Ohangaron shahar IIB PPX xodimiga uning tanishi, 22 yoshli ayol qo‘ng‘iroq qilib, maslahat olish zaruratini aytib chaqirgan.
PPX xodimi yetib borganida, 22 yoshli ayol va uning 14 yoshli qiz tanishi xodimning mashinasiga o‘tirgan.
Shu vaqtda videoda murojaat yo‘llagan 18 yoshli shaxs 4 nafar tanishi bilan kelib, xodimni haqorat qilgan va janjal ko‘targan. IIBB ma’lumotiga ko‘ra, u 14 yoshli qizning qarindoshi hisoblanmaydi.
Holatda voyaga yetmagan qiz ishtirok etgani sababli to‘liq tafsilotlar hozircha ochiqlanmadi.
IIBB ish yakuniga ko‘ra yolg‘on axborot tarqatgan shaxslarga nisbatan ma’muriy, og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda esa jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilishini bildirdi.
Voyaga yetmagan qizlar bo‘yicha tarqalgan videodan so‘ng PPX xodimi chetlashtirildi