AQSh va Eron urushdan oldingi holatga qaytishni muhokama qilmoqda — CNN

Tramp yordamchilari Eronda raketa hali ko‘pligidan havotirda, AQSh zaxirasi haqidagi ma’lumotlarga esa shubha qilmoqda
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. AQSh va Eron ehtimoliy kelishuvning birinchi bosqichida urushdan oldingi holatga qaytish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini cheklovlarsiz ochish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda RIA Novosti CNN telekanaliga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistonda muzokaralarning ikkinchi bosqichi hali o‘tmagan bo‘lishi mumkin, ammo tomonlar tashqi tomondan ko‘ringanidek bir-biridan uzoq emas. Sahna ortida faol diplomatik aloqalar davom etmoqda.
Muhokama qilinayotgan variant bosqichma-bosqich kelishuvni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, dastlab Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati cheklovlarsiz va qo‘shimcha to‘lovlarsiz tiklanishi, tomonlar esa urushdan oldingi holatga qaytishi mumkin.
Eron yadroviy dasturi masalasi esa keyingi bosqichda ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.
CNN manbalariga ko‘ra, vositachilar kelishuvga erishish uchun AQSh va Eronga bosim o‘tkazmoqda. Keyingi bir necha kun diplomatik jarayon uchun muhim bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, WSJ manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp va uning jamoasi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish taklifiga shubha bilan qaramoqda. Vashington uchun asosiy shartlardan biri Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kafolatlar bo‘lib qolmoqda.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio "Fox News" telekanaliga bergan intervyusida Eron urushga qaramay, hali ham raketalarining taxminan yarmiga egalik qilayotganini aytdi.
“Hozirda ularda raketalarning yarmi qolgan”, — dedi Rubio.
"The Atlantic" nashri esa AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens yopiq uchrashuvlarda Pentagonning Eron atrofidagi mojaro va AQSh raketa zaxiralari haqidagi baholarini bir necha bor shubha ostiga olganini yozdi. Nashrga ko‘ra, Vens Amerika raketa zaxiralari qanchalik kamaygani to‘liq ochiq aytilmayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Vashingtonga ayrim mulohazalarini yetkazishi mumkinligini istisno qilmadi.
“Yutqazgan taraf shart qo‘ya olmaydi”: Eron rasmiysi AQSh blokadasiga harbiy javob talab qildi