Radar, kamera va asossiz jarima shikoyatlari: ichki ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborildi

Qonunchilik palatasi deputatlari fotoradarlar, yo‘l belgilari, texnik xatolar va asossiz jarimalar bo‘yicha ichki ishlar vaziridan izoh so‘radi.
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga avtomobil yo‘llaridagi foto-video qayd etish texnika vositalarining samaradorligi bo‘yicha parlament so‘rovi yubordi.
Qayd etilishicha, deputatlarning fuqarolar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida foto-video qayd etish texnika vositalari va ko‘chma fotoradarlar faoliyati yuzasidan ayrim e’tirozlar bildirilgan.
Xususan, fuqarolar quyidagi holatlardan norozi bo‘lmoqda:
ruxsat etilgan tezlik keskin o‘zgaradigan joylarda yo‘l belgilari yetarli darajada ko‘rinadigan nuqtalarga o‘rnatilmagani;
ma’lumotlarni qayta ishlashda texnik xatolarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida asossiz jarimalar qo‘llanilishi;
ayrim yo‘llar sifati talab darajasida emasligi;
yo‘l chiziqlari ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri belgilangani;
piyodalar yo‘laklarida svetoforlar yetishmayotgani.
So‘rovda yo‘l infratuzilmasidagi ayrim kamchiliklar qoidabuzarliklarga olib kelayotgani ham ko‘rsatilgan.
Deputatlar “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosi, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish, foto-video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi va natijadorligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ramoqda.
Endi qoida buzilsa, jarima egasiga emas, “ishonchnoma”dagi haydovchiga rasmiylashtiriladi