Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining iqtisodiyot va investitsiya rejalarini belgilab berdi

Farg‘ona viloyatida joriy yil iqtisodiyotni 9,1 foizga o‘stirish, 4,5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 2 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, avval Farg‘ona viloyati daromadining 70 foizi neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobiga shakllangan.
So‘nggi yillarda iqtisodiyot tarkibini kengaytirish uchun viloyatga 8,2 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Bu mablag‘lar hisobiga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushirilgan.
Shuningdek:
— tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs ajratilgan;
— tijorat maydonlari 10 million kvadrat metrga ko‘paygan;
— 13,5 mingta kichik va o‘rta korxona tashkil etilgan;
— kichik va o‘rta biznes subyektlari soni qariyb 2 barobar oshgan.
Natijada viloyatda yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar sohasi 3 barobarga o‘sgan.
Ijtimoiy ko‘rsatkichlarda ham o‘zgarishlar qayd etilgan. So‘nggi to‘rt yilda Farg‘onada ishsizlik darajasi 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi esa 11,6 foizdan 5,2 foizga tushgan.
Mahalliy budjet daromadlari bo‘yicha hokimlarga berilgan imkoniyatlar natijasida bu yilning birinchi choragida har bir tumanda kamida 5-10 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qolgan.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Marg‘ilonda Ipakchi va Qirguli mahallalarida 241 ta eski hovli o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilgan. Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kirishi rejalashtirilgan.
Bunday qurilish ishlari Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham davom etmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘ona viloyatida 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha va 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirilgan. Shu davrda 167 ta xususiy maktab tashkil etilgan va ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Ta’lim sifati oshgani natijasida yoshlarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Farg‘ona viloyati respublikada 3-o‘ringa ko‘tarilgan.
Tibbiyot sohasida ham xususiy sektor ulushi oshgan. Masalan, Beshariq tumanida o‘n yil oldin 2 ta xususiy klinika bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning soni 50 taga yetgan.
Qishloq xo‘jaligida 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratilgan, yana 6 ming gektar maydon yangilangan. Ayrim bog‘bonlar bir gektardan 500 million so‘mgacha daromad olmoqda.
Meva-sabzavot eksporti 3 barobar ko‘payib, 400 million dollarga yetgan. Matbuot xizmatiga ko‘ra, bu respublikadagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Turizm sohasida ham o‘sish qayd etilgan. Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, Marg‘ilon va Qo‘qon shahrida turistik infratuzilma rivojlanmoqda. To‘qqiz yilda 3 ming o‘rinli mehmonxona va mehmon uylari ishga tushirilgan.
O‘tgan yili viloyatga kelgan xorijiy turistlar soni ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar soni esa 3 milliondan oshgan. Turizm eksporti 185 million dollarga yetgan.
Yig‘ilishda joriy yil Farg‘ona viloyati rahbariyati oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilgani bildirildi:
iqtisodiyotni 9,1 foizga o‘stirish;
sanoatni 9 foizga oshirish;
4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish;
eksportni 2 barobar ko‘paytirib, 2 milliard dollarga yetkazish.
Mirziyoyev Farg‘onada yangi massiv va vodiy shaharlarini bog‘lovchi elektropoyezd bilan tanishdi