O‘zbekiston paratriatlonchilari Samarqanddagi Jahon kubogida 2 ta bronza medaliga ega bo‘ldi

Paratriatlon bo‘yicha Jahon kubogida O‘zbekiston vakillari 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi, Rossiya terma jamoasi esa musobaqalarni 11 ta medal bilan yakunladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Samarqandda paratriatlon bo‘yicha Jahon kubogi yakunlandi. O‘zbekiston vakillari musobaqada 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Sprint dasturida sportchilar 750 metrga suzish, 19 kilometrga velosiped haydash va 5 kilometrga yugurish bo‘yicha bellashdi. Musobaqada 15 ta davlatdan 77 nafar sportchi, jumladan, Rossiya terma jamoasi vakillari ishtirok etdi.
Bellashuvlar jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar, nogironlar aravachasida harakatlanuvchi hamda ko‘rish imkoniyati cheklangan atletlar o‘rtasida 12 ta toifada o‘tkazildi.
Rossiya terma jamoasi Samarqanddagi Jahon kubogida 11 ta medal qo‘lga kiritdi. Rossiyalik paratletlar hisobida 5 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medali bor.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston va Rossiya triatlon federatsiyalari raislari Viktor Mahmudov hamda Kseniya Shoygu ishtirok etdi.
Samarqandda dunyoning eng kuchli triatlonchilari bellashmoqda