Toshkentda o‘tayotgan Jahon kubogi bosqichi doirasida ot sporti hamkorligi muhokama qilindi

Toshkentda davom etayotgan FEI Jahon kubogi saralash bosqichi doirasida ot sporti bo‘yicha xalqaro musobaqalarni tashkil etish, tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Toshkentda ot sporti bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yevroosiyo ot sporti assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya ot sporti federatsiyasi rahbari Marina Sechina boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan sport vaziri Adham Ikramov, MOQ raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, qo‘mita bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev ishtirok etdi.
Ayni kunlarda Toshkentda ot sporti bo‘yicha FEI Jahon kubogi saralash bosqichi o‘tkazilmoqda. Musobaqalar 23-apreldan 3-maygacha Universal Horses Stable majmuasida bo‘lib o‘tadi. Ular Xalqaro ot sporti federatsiyasi — FEI tomonidan tasdiqlangan (FEI- ot sporti bo‘yicha jahon miqyosidagi asosiy boshqaruv organi hisoblanadi).

Turnirda qariyib 20 davlatdan 100 dan ortiq chavandoz va ot ishtirok etmoqda. Musobaqalar konkur hamda ot yurttirish — ya’ni ot va chavandoz harakatlarining aniqligi, uyg‘unligi baholanadigan dressage yo‘nalishlarida o‘tkazilmoqda.

Muzokaralarda tomonlar ot sporti yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Yevroosiyo ot sporti assotsiatsiyasi 2020-yilda tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi Yevroosiyo makonida ot sportini rivojlantirish, a’zo federatsiyalar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash va musobaqalarni tashkil etishdan iborat. Assotsiatsiya tarkibiga Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Turkmaniston va O‘zbekiston federatsiyalari kiradi.
Bunday hamkorlik O‘zbekiston uchun ot sporti infratuzilmasini rivojlantirish, mahalliy sportchilarning xalqaro tajriba to‘plashi va mamlakatda yirik sport musobaqalarini o‘tkazish salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Samarqandda bilyard bo‘yicha JCh o‘tmoqda: ishtirokchilar orasida 19 karra jahon chempioni bor