60 yil o‘tib: Toshkent zilzilasi raqamlar, guvohlar va xotiralarda

Mintaqa tarixidagi eng halokatli ofatlardan biri yuz minglab odamni boshpanasiz qoldirgani va Toshkent qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborgani haqida guvohlar xotiralari va tarixchi hikoya qiladi
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Seshanba. 1966-yil 26-aprel. Tonggi soat 5:23. Bu sana va vaqt toshkentliklar xotirasida abadiy muhrlanib qoldi. Kuchli zilzila shahardagi turar-joy fondining katta qismini vayron qildi.
Uning maksimal kuchi 8 ballni tashkil etdi. Birinchi silkinish yer osti guvillashi va yorug‘lik chaqnashlari bilan birga kechgan. Zilzila markazi Qashg‘arka deb atalgan markaziy hududga to‘g‘ri kelgan, u yerda asosan xom g‘ishtdan qurilgan imoratlar joylashgan edi.

“Episentr unchalik chuqur bo‘lmagan, shuning uchun zarba ayniqsa vayronkor bo‘lgan va zich shahar qurilishi tufayli bu jiddiy vayronagarchiliklarga olib kelgan. Markaziy tumanlarda o‘n minglab turar-joy binolari, ayniqsa, eski kam qavatli uylar shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan”, — deydi tarix o‘qituvchisi, publitsist, tarix fanlari nomzodi Vasiliy Kosteskiy.

O‘shanda 78 mingdan ortiq oila boshpanasiz qolgan. Bu o‘sha paytda Toshkentda yashagan bir yarim million kishining 300 mingdan ziyodi demakdir. Sakkiz kishi halok bo‘lgan, ikki yuzga yaqin kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

“Shu bilan birga, halok bo‘lganlar soni falokatning bunday ko‘lami uchun nisbatan kam edi, chunki silkinishlar erta tongda, ko‘plab odamlar ko‘chada bo‘lgan yoki evakuatsiya qilishga ulgurgan paytda sodir bo‘lgan”, — deb tushuntiradi Kosteskiy.

Glinobitniy dom v Tashkente, razrushenniy vo vremya zemletraseniya 26-aprelya 1966 goda
“1966 yilda men hali maktab o‘quvchisi edim. Bu hammamiz uchun kutilmagan hol bo‘lgani yaxshi esimda. Erta tongda ota-onamiz bizni uyg‘otishdi va hammamiz ko‘chaga yugurib chiqdik. Biz mahalladagi hamma bir-birini taniydigan uyda yashardik. Kim nima kiygan bo‘lsa, shunday chiqdi: tungi ko‘ylak, pijama va hokazo. Uyimiz zarar ko‘rmadi, faqat kichik yoriqlar bor edi, vazalar tushib ketdi”, — deb eslaydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi san’atshunoslar seksiyasi raisi Elmira Ahmedova.
“Zilzila sodir bo‘lganida 16 yoshda edim. Men 50-maktabning 10-sinfida o‘qirdim. Biz o‘sha voqealardan besh yil oldin qurilgan uyda, Engels ko‘chasida, hozirgi Amir Temur shohko‘chasida yashardik. O‘sha kuni ertalab g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdim va qattiq qaltirayotganini sezdim. Kvartiradagi hamma narsa qulab tushardi. Biz ko‘chaga yugurdik, keyin esa uzoq vaqt uyga qaytishdan va takroriy silkinishlardan qo‘rqdik”, — deydi toshkentlik fotorassom Vladimir Grankin.
Elmira Ahmedova muhim jihatni ta’kidlaydi: barcha qo‘shnilar bir-birlariga yordam bera boshlagan. Imkoni boricha ko‘rpa-to‘shak, ovqat, choy, hatto kakao ham olib chiqib, bir-biri bilan baham ko‘rishgan.
Palatochniy gorodok dlya jiteley razrushennix domov posle zemletraseniya v Tashkente
“Ertasi kuni men Telman bog‘i — hozirgi Central Park yaqinidagi xususiy sektorda, bir qavatli uylarda yashovchi do‘stlarimnikiga bordim. Ularning ko‘pchiligi vayron bo‘lgan: devorlari yorilib, qulab tushgan, shifti cho‘kkan edi. Do‘stlar, tanishlar, qo‘shnilar — hamma bir-biriga qo‘lidan kelgancha yordam berdi”, — deydi Vladimir Grankin.
“Aprel oyida maktab mashg‘ulotlari davom etishi kerak edi, lekin ular, albatta, to‘xtatildi. Toshkentlik ko‘plab bolalarni Moskva atrofidagi lagerlarga jo‘natishdi. Men uch oyni Kaluga viloyatidagi Tarusa shahrida o‘tkazdim. Bu vaqtni bir umrga eslab qoldim. Bizni shunday mehmondo‘stlik, shunday mehribonlik bilan kutib olishdi. Biz har kunimizni ekskursiyalarda o‘tkazardik. Esimda, biz Yasnaya Polyanada, Lev Nikolayevich Tolstoyning uyida, A.P. Chexovning “Melixovo” muzey-qo‘riqxonasida, Klindagi P.I. Chaykovskiy muzeyida bo‘ldik. Bizni Moskvaga olib borishdi va o‘shanda men birinchi marta Tretyakov galereyasida bo‘ldim”, — deydi Ahmedova.
Zilzila bo‘lgan kuni KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Leonid Brejnev va sovet hukumati rahbari Aleksey Kosigin katta mutaxassislar guruhi bilan Toshkentga uchib kelishdi. Kengash o‘tkazilib, butun kuchni shaharni tiklashga safarbar etishga qaror qilindi.
“O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidovich Rashidovning irodasi va tashabbusini alohida ta’kidlamoqchiman. U Moskvani shaharni qayta qurish kerakligiga ishontirdi”, — deya qo‘shimcha qiladi Elmira Ahmedova.
V Tashkent priyezjayut lyudi so vsex konsov Sovetskogo Soyuza otstraivat gorod posle zemletraseniya 26-aprelya 1966 goda
“Zilziladan so‘ng shaharni amalda qayta qurishga to‘g‘ri keldi va bu SSSRda urushdan keyingi shaharsozlikning eng keng ko‘lamli va g‘ayrioddiy loyihalaridan biri bo‘ldi. Unda deyarli barcha ittifoqdosh respublikalar ishtirok etdi: Belarus, Moldova, Ukraina, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Latviya, Litva, Estoniya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston”, — deydi Vasiliy Kosteskiy.
“Butun Toshkent xalqi, O‘zbekistonning barcha shahar va viloyatlari ham qurilishda katta ishtirok etdi. Mamlakatimizning ko‘plab rassomlari, san’atshunoslari, arxeologlari saqlab qolinishi kerak bo‘lgan me’moriy yodgorliklarni tiklash ustida ishladilar”, — deya qo‘shimcha qiladi Ahmedova.
Vasiliy Kosteskiyning aytishicha, ishchilardan qurilish brigadalari tuzilgan, ayrim kvartallarga esa ba’zan muayan respublikalarning “homiyligi” biriktirilgan.
“Quruvchilar maydonchalarda o‘nlab aksentlarni eshitish mumkinligini aytishgan. Turli respublikalardan kelgan brigadalar yonma-yon yashagan, birga ishlagan, bu esa milliy tafovutlar ikkinchi planga o‘tib ketadigan “yagona qurilish fronti” hissini uyg‘otgan. Arxitektorlar o‘zlarining kasbiy maktablari va uslubiy xususiyatlarini olib kelishgan, shuning uchun shaharning turli hududlarida me’moriy yondashuvlarning xilma-xilligi va ularning qorishuvi hali ham ko‘zga tashlanadi”, — deydi u.
Vasiliy Kosteskiyning ta’kidlashicha, Toshkent aslida zilzilabardosh qurilishning birinchi laboratoriyalaridan biriga aylangan. Shahar jiddiy o‘zgarishi kerak edi: tor ko‘chalar o‘rniga keng xiyobonlar, ko‘plab bog‘ va skverlar, shuningdek, ichki hovlilari bo‘lgan yangi mikrorayonlar qurilishi rejalashtirilgan.
“Guvohlarning xotiralariga ko‘ra, brigadalar deyarli to‘xtovsiz, ikki smenada, ba’zan kechayu kunduz ishlagan. Vazifa oddiy va muddatlar bo‘yicha o‘ta qat’iy edi: har kuni yangi uy yoki hech bo‘lmaganda tayyor turar joy bloki paydo bo‘lishi kerak edi. Ayniqsa, montajchilar va kranchilar doimiy takroriy silkinishlar xavfi ostida ishlagan vaziyat tez-tez esga olinadi. Shunga qaramay, ular og‘ir panellarni qo‘lda va minimal texnika bilan ko‘tarish va o‘rnatishni davom ettirgan. Ayrim hollarda, texnika buni uddalay olmaganda, jarayonni to‘xtatmaslik uchun konstruksiya elementlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tom ma’noda “ko‘z bilan” moslashtirilib, mahkamlangan”, — deydi tarixchi.
Kosteskiy yana bir qiziqarli epizodni ham eslatib o‘tadi — turli respublikalardan kelgan, qurilishlar yaqinida yashagan quruvchilar aniq bir uy yoki korpusni qurib bitkazmaguncha dam olishga chiqishdan bosh tortgan. Guvohlarning xotiralarida bu “uyni topshirdik — keyin dam olamiz” degan yozilmagan qoida sifatida ta’riflanadi.
Qish boshiga kelib quruvchilar 300 mingdan ortiq kishi uchun uy-joy qurishdi. Qisqa vaqt ichida — 3,5 yildan sal ko‘proq muddatda zilzila oqibatlarini bartaraf etish vazifasi hal etildi, millionlab kvadrat metr yangi uy-joylar qurib bitkazildi.

“1966 yildan keyin Toshkentda o‘ziga xos me’moriy til shakllandi, u ba’zan “seysmik modernizm” deb ataladi. Bu konstruktiv barqarorlik, modernistik yechimlar va sharqona bezak elementlarining uyg‘unligidir. Shuning uchun ham shaharni ko‘pincha “sovet arxitekturasi laboratoriyasi” deb atashadi”, — deydi Vasiliy Kosteskiy.

Toshkent zilzilasidan keyingi yillarda qurilgan muhim inshootlar orasida Kino uyi, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, Toshkent sirki, Toshkent teleminorasi bor. Yana bir misol — Chilonzor tumani. U falokatdan keyin puxta o‘ylangan rejalashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va hovli maydonlari bilan noldan qurila boshlangan.
“Albatta, mamlakat yagona edi va hamma bir-biriga yordam berardi. Mana shu esimda qoldi. Ayniqsa, odamlar bir-biriga qanday munosabatda bo‘lganini, qancha g‘amxo‘rlik, qancha mehribonlik va yordam bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardim! Musibat xalqni jipslashtirdi. Sinfimizda ota-onasi Toshkentni qurishga kelgan bolalar bor edi. Bular ishchilar va quruvchilar, muhandislar va irrigatorlar edi. Sinfimizda ikki qiz va bir o‘g‘il bola bor edi, keyinchalik ularning ota-onalari Toshkentda qolishga qaror qilishdi”, — deb eslaydi Elmira Ahmedova.
Oradan 60-yil o‘tdi, lekin Toshkent eslaydi. Tonggi soat 5:23 dagi guvillashni, devorlarning qarsillashini va odamlarning ko‘zlaridagi qo‘rquvni eslaydi. Ammo shahar boshqa narsani yanada kuchliroq eslaydi — u vayronalar orasidan odamlar, o‘zaro yordam va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tufayli qanday qayta tiklanganini va bardosh berganini.