63 ming dollar “ulush” talab qilgan FVV tuman rahbari ashyoviy dalillar bilan ushlandi

Toshkent viloyatida FVVning tuman rahbarlaridan biri qurilish shartnomalarini MChJga olib berganini ro‘kach qilib, 63 ming dollar “ulush” talab qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Toshkent viloyatida FVVning tuman rahbarlaridan biri 5,04 mlrd so‘mlik qurilish shartnomalarini MChJga olib berganini ro‘kach qilib, 63 ming dollar “ulush” talab qilgan. U pulning bir qismini olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent viloyati tumanlaridan biridagi rahbari mazkur tuman hududidan oqib o‘tuvchi 3 ta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni mahalliy MChJga olib berganini aytgan.
Shartnomalarning umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Mansabdor ularni vazirlikdagi hamkasblari orqali olib berganini ro‘kach qilib, MChJ rahbaridan 63 ming dollar miqdorida “ulush” talab qilgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, u joriy yilning mart-aprel oylarida ushbu pulning 24 ming dollarini olgan. Keyin esa noqonuniy harakatlarini davom ettirib, qolgan 39 ming dollarni ham berishni so‘ragan.
DXX xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi va FVVning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir davomida mansabdor shaxs talab qilingan pulning 25 ming dollarini o‘zining Tracker xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Toshkentda FVV xodimiga 30 ming dollar pora taklif qilgan tadbirkor ushlandi