TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston YaIMi birinchi chorakda 8,7 foizga o‘sdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan I-chorak yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.
Birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulotimiz 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sdi. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaydi, - deyiladi hisobotda.
Shuningdek, yanvar-mart oylarida budjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 103 trillion so‘mga yetdi. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ shakllandi.
“Kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti", – dedi davlat rahbari.
O‘tgan hafta Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’lon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali O‘zbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev yana bir ko‘rsatkichga e’tibor qaratdi: joriy yil yurtimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.