TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga amaliy tashrifi doirasida Ostona shahridagi “EXPO” markazida tashkil etilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasidagi milliy pavilonlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari ko‘rgazmani Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda ko‘zdan kechirdi.
MES-2026 doirasida ekologik siyosatga kompleks yondashuvni aks ettiruvchi sakkizta ustuvor yo‘nalish belgilangan.
Ular qatoriga:
iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish;
oziq-ovqat xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligini ta’minlash;
tabiiy xavf-xatarlarga moslashish;
havo ifloslanishini kamaytirish;
chiqindilarni samarali boshqarish;
tabiiy resurslardan barqaror foydalanish;
adolatli “yashil” o‘tish hamda ekologik va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish kiradi.
Sammitda ishtirok etayotgan davlatlar milliy pavilonlarida ushbu yo‘nalishlardagi yutuqlari va kelgusi rejalarini namoyish etmoqda.
O‘zbekiston pavilonida mamlakatning ekologiya, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari aks ettirilgan.
Ekspozitsiya, shuningdek, O‘zbekistonning ekologiya sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini namoyon etadi.
Mehmonlarga ekologik taraqqiyotning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslar taqdim etildi. Ular orasida “Chiqindisiz hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Biomeros” va “Ekologik ta’lim” kabi umummilliy loyihalar bor.
Shuningdek, ekspozitsiyada Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.