TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Leningrad viloyati uch yil ichida O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 50 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat gubernatori Aleksandr Drozdenko Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi sezilarli o‘sgan.
“Masalan, biz 2022-yilda tovar ayirboshlash hajmi 13 million dollardan sal ko‘proqni tashkil etganini ko‘rgan edik. Bugun esa 100 million dollarga yaqinlashdik. Biz har yili 15 foizlik o‘sishni ko‘rapmiz va kecha prezident bilan uchrashganimda qat’iy aytdim: 3-yil ichida 50 foizga, yana 3-yildan keyin esa ikki baravar, balki undan ham ko‘proq o‘sishga erishamiz. Chunki O‘zbekiston bozori juda faol rivojlanayotganini ko‘rapmiz”, — dedi u.
Gubernator, shuningdek, Toshkentdagi “Innoprom” ko‘rgazmasida Leningrad viloyatining 14 kompaniyasi ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, ular innovatsion uskunalarni, jumladan, xonalarda belgilangan haroratni ushlab turish uchun sovutish qurilmalarini boshqarish tizimini taqdim etgan.
Bu kabi yechimlar, birinchi navbatda, ma’lumotlar markazlari, katta hajmdagi ma’lumotlar saqlanadigan obyektlar, sun’iy intellekt infratuzilmasi, telekommunikatsiya stansiyalari va televizion uskunalar uchun zarur.
Drozdenko Toshkent, Sirdaryo va Namangan viloyatlari bilan hamkorlikka, shuningdek, “Innoprom” doirasida yangi shartnomalar imzolanishiga alohida to‘xtaldi.
Aleksandr Drozdenkoning fikricha, iqtisodiy yuksalish davrida davlatlar bir-birini qo‘llab-quvvatlasa, bundan har ikki tomon yutadi.
“Biz bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti qanchalik tez o‘sayotganini ko‘rapmiz. Hozir sizda iqtisodiyotda, jumladan, qurilish sohasida va iste’mol bozorida katta yuksalish yuz bermoqda. Shuning uchun biz, albatta, o‘z rivojlanishimizni sizning yuksalishingiz bilan bog‘laymiz”, — dedi u.
Batafsil — Sputnik O‘zbekiston videosida.