TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari, shuningdek, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihalari ma’qullandi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, Jarqo‘rg‘on tumanidan 4 740 gektar yer maydoni Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, bu iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish, 731 oilada yashovchi 4 230 nafar aholining turmush sharoitini yaxshilash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun zamin yaratadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, ayniqsa chorvachilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va Qiziriq tumanining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Navoiy viloyatidagi o‘zgarishlarga ko‘ra, Tomdi tumanidan 2 459 gektar yer maydoni Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, Zarafshon shahrining istiqbolli rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga muvofiq uy-joylar, sanoat, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi.
Jumladan, uzoq muddatli biznes-reja asosida hududda 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini barpo etish rejalashtirilgan.