INNOPROM doirasida Mirziyoyev Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Denis Manturov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi, savdo va yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Manturov shu kunlarda Toshkentda o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilmoqda.
Uchrashuvda Tatariston va Boshqirdiston respublikalari, Leningrad, Kirov, Irkutsk va Omsk viloyatlari rahbarlari, shuningdek, Rossiyaning qator yetakchi kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mirziyoyev 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod biznes vakillari ishtirok etayotgan oltinchi “INNOPROM” ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etilganini yuqori baholadi.
Uchrashuvda, eng avvalo, oliy darajada erishilgan, ayniqsa savdo-iqtisodiy sohadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo hajmi barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, tinch atom, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, shuningdek, ustuvor tarmoqlarda, jumladan sanoat zonalari doirasida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
Hududlar va tadbirkorlar darajasidagi faol aloqalarni kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energiya samaradorligi, suv xo‘jaligi, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt kabi istiqbolli yo‘nalishlardagi rejalar qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, texnika yo‘nalishidagi qo‘shma oliygohlar negizida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda Rossiya hududlari va kompaniyalari rahbarlari mamlakat yetakchisiga turli sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarini taqdim etdi.
Manturov Navoiyda Rossiya ishtirokida yangi qo‘shma sanoat parki ishga tushganini aytdi