TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Ayrim qarzdorliklar endi soddalashtirilgan tartibda qarzdorning ish haqi, pensiya va stipendilari yoki bank hisobvaraqlaridan undirilishi mumkin. Bu “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda belgilandi.
Unga ko‘ra, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi:
pochta va videokonferensaloqa xarajatlari;
kommunal xizmatlar to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik;
ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik;
BHMning 5 baravaridan (2 060 000 sumdan) ko‘p bo‘lmagan summalarni undirishga ham tatbiq etiladi.
Qonunda davlat ijrochisi bunday tartibda, jumladan, undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘lariga qaratishi mumkinligi belgilangan.
Shuningdek, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (1 271 000 so‘m)dan ko‘p bo‘lmagan summalar bo‘yicha undiruvni qarzdorning ish haqi, stipendiyasi, pensiyasi va boshqa daromadlariga qaratish mumkin.
Ayni paytda, qo‘shimchalarga muvofiq, mazkur majburiy ijro choralari videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik va ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlariga oid ayrim ijro hujjatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.