TOShKENT, 21 apr — Sputnik. AES qurilishi uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan resurslar, uskunalar va materiallar yetkazib beruvchilariga ehtiyoj yuqori.
Bu haqda Innoprom doirasidagi "O‘zbekistondagi AES loyihasi: ko‘lami va sanoat uchun imkoniyatlar oynasi" sessiyasida “Atomstroyeksport” vitse-prezidenti, O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bezrukovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan kompaniyalarga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.
“Shunga ko‘ra, maksimal imtiyozlar aynan O‘zbekiston yoki qo‘shma kompaniyalar uchun bo‘ladi,” — dedi u.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Suhrob Abdurahmonov esa AES qurilishi mahalliy biznes uchun keng ko‘lamli sanoat buyurtmasi ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, palata ushbu loyihada xalqaro texnologiyalar va mahalliy ishlab chiqarish quvvatlari o‘rtasida ko‘prik bo‘lishga tayyor.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi vakili Bahodir Ismoilovning ma’lum qilishicha, bir qator banklar, jumladan, Sanoat-qurilish banki qurilish materiallari yetkazib beruvchi tadbirkorlar uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketini tayyorlamoqda. Hozirda zarur mahsulot turlari va moliyalashtirish hajmlari aniqlashtirilmoqda.
Shuningdek, Jizzax AESi qurilishi direksiyasi qurilish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Otabek Amanov jurnalistlar savoliga javoban Enter Engineering kompaniyasining loyihadagi ehtimoliy ishtirokiga ham to‘xtaldi.
“Bu kompaniya resurslari, tajribasi va salohiyati jihatidan Markaziy Osiyodagi eng yiriklardan biri sifatida barcha tanlov jarayonlaridan o‘tgan. Agar u bundan buyon ham bosh pudratchi va loyiha oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etsa, biz u bilan ishlaymiz”, — dedi u.
Boshqa bir savolga javoban Pavel Bezrukov AES uchun AQShda ishlab chiqarilgan uskunalar xarid qilinmasligi aniqligini bildirdi.