Ruanda bilan diplomatik aloqa va qator uchrashuvlar: Antaliya forumi yakunlari

Antaliya diplomatiya forumi doirasida O‘zbekiston Ruanda bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi, shuningdek qator davlatlar bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekiston Ruanda bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.
Vazirning yozishicha, Ruanda tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Olivye Nduhungirehe bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommunike imzolangan. Shu bilan Ruanda O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 167-davlatga aylandi.
Shuningdek, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida anglashuv memorandumi ham imzolandi.
Antaliya diplomatiya forumi doirasida Baxtiyor Saidov Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining norasmiy yig‘inida ham ishtirok etdi. Unda transport, energetika, “yashil” transformatsiya, raqamlashtirish va innovatsiyalar kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, “TDT plyus” formati va tashqi sheriklar bilan amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Forum doirasida 18-aprel kuni Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov, Bangladesh tashqi ishlar vaziri Halilur Rahmon va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ozarbayjon bilan muzokaralarda strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bangladesh bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Turkmaniston bilan muloqotda esa ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga e’tibor qaratildi.

Ma’lumot uchun:

Ruanda — Afrikaning markaziy qismida joylashgan davlat bo‘lib, poytaxti Kigali shahri hisoblanadi. Mamlakat rasmiy manbalariga ko‘ra, uning aholisi 2022-yilgi hisob bo‘yicha 13,2 million nafarni tashkil etgan.

Antaliya diplomatiya forumining beshinchi yig‘ini 17–19 aprel kunlari Turkiya TIV tashabbusi bilan “Kelajakni shakllantirish, noaniqliklarni boshqarish” shiori ostida tashkil etildi

O‘zbekiston va Keniya diplomatik munosabatlar o‘rnatdi