TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik fonida Kiyevda Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalar tanqisligi kuchayganini aytdi.
ZDF telekanaliga bergan intervyusida u, agar Yaqin Sharqdagi urush uzoq davom etsa, Ukraina uchun qurol-yarog‘ yanada kamayishini bildirib, hozirgi tanqislikni “bundan yomoni bo‘lmaydi” deb baholadi.
Zelenskiy, shuningdek, Eron atrofidagi mojaro sabab AQShning e’tibori Ukrainadan chalg‘iyayotganini ham ta’kidladi.
Bu fon ortida Kiyev Germaniya va’da qilgan Patriot raketalari tez orada yetib kelmasligini ham ochiq aytdi. Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorovning ma’lum qilishicha, Berlin e’lon qilgan yuzlab raketalar bo‘yicha shartnomalar tuzilgan bo‘lsa-da, ularni yetkazib berish joriy yil oxirigacha emas, balki 2027–2029 yillarda boshlanadi. Uning aytishicha, bu qarorlar kelasi qishga emas, uzoqroq davrga hisoblangan.
Rasmiy axborotda Germaniya tomonidan Patriot tizimlari uchun yuzlab raketalar bo‘yicha shartnoma tuzilgani, Ispaniya esa Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berishi qayd etilgan. Biroq Kiyev uchun asosiy muammo shundaki, bu yordamning bir qismi zudlik bilan emas, faqat keyingi yillarda yetib keladi.