O‘zbek shifokorlari chet eldagi operatsiyadan so‘ng ahvoli og‘irlashgan bolani qutqarib qoldi

Ahvoli og‘irlashgan 5 yoshli bola 5 soat davomida operatsiya qilinib, unda ovqatni oshqozonga yetkazuvchi a’zo — qizilo‘ngach qayta shakllantirildi
Sputnik
TOShKENT, 16 apr — Sputnik. O‘zbek shifokorlari chet eldagi operatsiya asoratini bartaraf etib, 5 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, jajji bemorda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida mamlakatda ilk bor o‘ta murakkab amaliyot o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Umarjon Abdurazzoqov o‘tgan yili tasodifan kaustik soda ishqorini ichib qo‘ygan. Oqibatda uning qizilo‘ngachi chandiqli toraya boshlagan va vaqt o‘tib umuman ovqatlana olmay qolgan. Dastlab shifokorlar uning oshqozoniga maxsus naycha o‘rnatib, ahvolini yengillashtirgan.
Keyin ota-ona bolasini xorijda davolatishga qaror qilgan. Biroq u yerda o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng bemorning ahvoli yanada og‘irlashgan. Vazirlikka ko‘ra, amaliyot paytida oshqozon yuqoriga ko‘tarilib, qizilo‘ngach qoldig‘iga ulangani sabab yurakka bosim yuzaga kelgan.
Professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi mutaxassislar qariyb 5 soatlik operatsiya davomida oshqozonni qayta joylashtirib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirdi. Hozir bolaning ahvoli yaxshi, yaqin kunlarda u oilasi bag‘riga qaytishi kutilmoqda.
Buxoroda ilk bor jigar transplantatsiyasi o‘tkazildi