TOShKENT, 15 apr — Sputnik. O‘zbekiston diplomatlari Polshaning Milliy xotira instituti rahbariyati bilan uchrashuvda Ikkinchi jahon urushi tarixi, arxiv ishi va muzeylar faoliyati yo‘nalishidagi hamkorlikni muhokama qildi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, muzokaralarda urush jinoyatlarini o‘rganish, arxiv materiallarini qidirish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi qo‘shma ishlar masalasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakatning tegishli muassasalari o‘rtasida hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi.
Xususan, 2021-yilda Gdanskdagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi, Tarix instituti va “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, 2022-yilda esa Polsha Milliy xotira instituti va O‘zbekiston Milliy arxivi o‘rtasida memorandum imzolangan.
Uchrashuvda 1942-yilda O‘zbekistonda general Vladislav Anders armiyasi shakllantirilgani va 115 mingdan ortiq Polsha fuqarosi O‘zbekiston hamda Turkmaniston orqali Eronga evakuatsiya qilingani ham eslatib o‘tildi.