Toshkentda MDHning havo hujumidan mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yig‘ilishda qo‘shma havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirish, zamonaviy jangovar tajriba asosida kadrlar tayyorlash va uchuvchisiz texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi
Sputnik
TOShKENT, 15 apr — Sputnik. 15 aprel kuni Toshkentda MDH davlatlari Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Havo hujumidan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston mudofaa idoralari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi va qator harbiy ta’lim hamda sanoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
MDH Ijroiya qo‘mitasining xavfsizlik sohasida hamkorlik departamenti direktori Yevgeniy Klemez qo‘shma havo hujumidan mudofaa tizimi Hamdo‘stlikdagi amaliy harbiy hamkorlikning eng samarali shakllaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tizim nafaqat xavfsizlikni mustahkamlash, balki harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va umumiy xavfsizlik arxitekturasini saqlashga ham xizmat qiladi.
Yig‘ilishda 2030-yilgacha harbiy hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish, zamonaviy jangovar tajriba asosida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, uchuvchisiz uchish apparatlari va robototexnika majmualarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025-yildagi faoliyat yakunlari, moliyaviy masalalar va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha qo‘shma jangovar navbatchilikni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Minskda MDH davlatlari Qurolli kuchlari bosh shtab rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi