TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident yosh grossmeysterni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi bor ushbu nufuzli musobaqada g‘olib bo‘lib, tarixiy natijaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.
Qayd etilishicha, Sindorov turnir davomida ilgari hech bir o‘zbekistonlik shaxmatchi yeta olmagan yuksak marrani zabt etdi. Xalqaro manbalarga ko‘ra, Sindorov turnirda mag‘lubiyatsiz o‘tdi va olti g‘alaba qayd etdi.
Davlat rahbari endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi. Turnir g‘olibi sifatida u amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan o‘ynaydi.
Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Sindorovning ishtiroki O‘zbekiston jamoasiga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi ham qayd etildi.
Prezident shaxmatchining ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu g‘alaba bilan tabrikladi.