TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida qator iqtisodiy va gumanitar kelishuvlarga erishildi, deb xabar qildi “Dunyo” axborot agentligi.
Safar davomida o‘zbekistonlik vakillar Vitebsk viloyatidagi chorvachilik komplekslari va savdo obyektlari faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, mahalliy rahbariyat bilan ishlab chiqarish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Kelishuvlarga ko‘ra, “Asl Yuksalish Savdo” va “Muborak qorako‘lchilik” korxonalari 4 ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga oladi. Ushbu yer negizida yirik agrar loyiha amalga oshirilib, uning birinchi bosqichida 1 ming bosh qoramol yetishtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Asl Yuksalish Savdo” Belarusning yirik savdo tarmoqlaridan biri bilan shartnoma imzolab, har yili 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan quruq mevalar, dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari va uzum yetkazib berishga kelishdi.
Tomonlar turistik biznes vakillari uchun tanishuv safarlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining Minskdagi gastrollarini tashkil etishga ham kelishib oldi.