TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Rossiya Mudofaa vazirligi aholi punkti nazoratga olinishiga yordam bergan razvedka operatsiyasi tafsilotlarini ochiqladi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, gvardiya leytenanti Dmitriy Birukov boshchiligidagi razvedka guruhi jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida Ukraina Qurolli kuchlarining vaqtinchalik joylashish punktini aniqlagan.
Ushbu hudud yaqinida jangarilar hujjatlar solingan qutilarni yengil avtomobilga ortib ketayotgan bo‘lgan. Vaziyatni baholagandan so‘ng, razvedka guruhi asirlarni hujjatlari bilan birga qo‘lga olib, ularning avtomobilida hududni tark etishga qaror qilgan.
Razvedkachilar tutun shashkalari panasida turli yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlanib, o‘q uzmasdan ukrain harbiylarini qo‘lga olgan. Shundan keyin ular bog‘lanib, shu avtomobilga ortilgan va guruh dushman ortidan chiqib ketgan.
Qo‘lga kiritilgan muhim hujjatlar va uch nafar asir qo‘shinlar ixtiyoriga topshirilgan. Keyinchalik ushbu hujjatlar hamda asirlarning ko‘rsatmalari o‘rganilgandan so‘ng, Ukraina Qurolli kuchlari tuzilmalarining joylashuvi aniqlangan.
Vazirlik ta’kidlashicha, olingan ma’lumotlar asosida dushman pozitsiyalariga raketa zarbalari berilib, xarbiy texnika va shaxsiy tarkib yo‘q qilingan. Bu esa aholi punktlaridan birini nazoratga olishga xizmat qilgan.