TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida qurilish va urbanizatsiya sohasidagi yangi chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda. Unda studiyalardan 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanist ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘nggi to‘qqiz yilda qurilish sohasi sezilarli kengaygani qayd etildi. Shu davrda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonasi ish boshlagan, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta va 100 milliard so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik kompaniya paydo bo‘lgan.
O‘tgan yilga kelib qurilish ishlari hajmi 314 trillion so‘mga yetgan, sohada va unga yondosh tarmoqlarda 3,5 million aholi band ekani aytildi.
Shu bilan birga, sohaning keyingi o‘sishi shaharsozlik hujjatlariga bog‘liq ekani ta’kidlandi. Mamlakat aholisi 38 milliondan oshgan, qariyb 20 million odam shaharlarda yashamoqda.
Bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200–250 milliard so‘m ajratilayotgani, bu mablag‘lar eskirgan yoki umuman bosh rejasi yo‘q hududlarga yo‘naltirilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident kichik shaharlarda ham yirik loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar ko‘pligini, ammo shaharsozlik hujjatlari yo‘qligi sabab ayrim tashabbuslar to‘xtab qolayotganini aytdi.
Shu bois joriy yilda budjet hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha va 104 ta qishloq bo‘yicha bosh va master rejalarni yakunlash, qo‘shimcha ravishda tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.