TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekistonda “U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etiladi. Uning doirasida tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan oliy ta’lim muassasalarini milliy reyting natijalari asosida moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir toifadagi OTMlarning 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
Shuningdek, davlat granti asosida o‘qiydigan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlarini hisoblashda bir qator mezonlar inobatga olinadi.
Ular orasida professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni, ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, moddiy-texnik baza, kadrlar tayyorlashning ustuvor sohalarga mosligi va oliygohning ilmiy yo‘naltirilganligi bor.
Farmon bilan Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi, shuningdek Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi tashkil etiladi. Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi ham ish boshlaydi.
Bundan tashqari, har yili 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarosiga grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi. 2026/2027 o‘quv yilidan xorijiy talabalarni “Study in Uzbekistan” platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar keyingi bosqichga hujjat topshirishda til sertifikatini taqdim etishdan ozod etiladi.