TOShKENT, 10 apr — Sputnik. “Zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Ushbu vaqtinchalik nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026-yil 1-yanvardan soliqning 80 foizi respublika budjetidan qaytariladi.
Tadbirkor soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan to‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.
To‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi.
Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:
hisobot davrida taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq ushbu hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasiga qadar budjetga to‘liq to‘langanda;
hisobot davrida soliq davrida zargarlik buyumlarini o‘zida ishlab chiqarilgan va (yoki) sotishdan (realizatsiya) qilishdan umumiy tushum tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadning kamida 80 foizini tashkil qilganda;
hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar soliq bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.